8 iyun kuni ertalab soat 10 larda poytaxtdagi Farhod bozorining kiyim-kechak rastasidan o‘tib ketayotgan keksa ayol yiqilib tushgan va buni ko‘rganlar darhol 103 raqami orqali "Tez yordam" chaqirgan.
Fojianing bevosita guvohi, toshkentlik Mehrigul Manamovaning 13 iyun kuni Ozodlikka aytishicha¸ birinchi qo‘ng‘iroqdan ikki soatcha o‘tib ham tibbiy yordam yetib kelmagach¸ atrofdagilar yiqilib, tildan qolgan ayolni xususiy mashinada 16-shahar shifoxonasi - Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markaziga olib borgan.
O‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmagani oqibatida ayol komaga tushgan va ertasiga vafot etgan.
Ayolga chaqirilgan "Tez yordam" kelmagani to‘g‘risidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarga chiqib, bahs va e’tirozlar uyg‘otdi. Bu e’tirozlar ortidan Sog‘liqni saqlash vazirligi 13 iyun kuni bayonot berdi.
Unda yozilishicha¸ 8 iyun kuni Farhod bozoridan "Tez yordam"ga ikkita alohida holat bo‘yicha qo‘ng‘iroq bo‘lgan va ikkala holatda ham tibbiy brigada “zudlik bilan yetib borgan”.
Bunday bayonotni "jamoatchilikni aldash" deb atagan Mehrigul Manamova Ozodlik orqali voqea yuzasidan ochiq va halol tekshiruv o‘tkazilib¸ haqiqat yuzaga chiqishini talab qildi.
Farhod bozoridagi insult
8 iyun kuni Farhod bozorining buyum rastalari oldida to‘satdan yiqilgan ayol¸ Ozodlikning aniqlashicha¸ Chilonzor tumanida yashab kelgan 72 yashar pensioner Tatyana Fyodorovnadir.
Yaqinlarining aytishicha¸ ikki kun avval pensiyasini olgan ayol ertalab bozorlikka chiqqan.
“Tat’yana bir oycha avval infarkt bo‘lib¸ kasalxonada yotib chiqqan edi. Uyida 78 yashar qari eri bor¸ qizi va o‘g‘li Rossiyaga ko‘chib ketgan. Eri invalid¸ hassa bilan uy ichida zo‘rg‘a yuradi¸ ammo bozor-o‘charga yaramaydi. Issiqda boshi aylanib¸ yiqilgan. Bozordagilar darrov Tez yordam chaqirgan¸ ammo kelmagan. Biz nima bo‘lganini 8 iyun kuni tushdan keyin eshitdik. Qidirib¸ Tatyananing daragini 16-bolnitsadan topdik. O‘sha kuniyoq komaga tushib¸ ertasiga o‘ldi. Bolalari Rossiyadan kelib¸ 11 iyun kuni ko‘mishdi”¸ dedi pensioner ayolning jiyani.
Guvoh hikoyasi
Mehrigul Manamova 8 iyun kuni onasi bilan Farhod bozoriga chiqib¸ tasodifan odamlarning pensioner ayol tepasida to‘planib turganiga duch kelgan.
Nima bo‘lganini surishtirib¸ ayolning yarim soatcha oldin yiqilgani va atrofdagilar darrov "Tez yordam" chaqirganidan xabar topgan.
(Mehrigul Manamova o‘zi tasvirga olgan videolarni Ozodlikka taqdim etdi.)
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Фарҳод бозорида инсульт бўлиб йиқилган аëл учун чақирилган Тез ëрдам умуман келмади
Yarim soatdan beri insult taxmini aytilgan kasalga yordam kelmaganidan junbushga tushib¸ Mehrigul o‘z telefonidan yana 103 ga qo‘ng‘iroq qilgan.
-Tez yordamdagilar juda beparvolarcha gaplashishdi. “Mashina kelsa yuboramiz”¸ deyishdi. Kelavermagach¸ 10-15 minutdan keyin¸ yana qildim. Bu safar uchastkovoyga berdim trubkani. U ham qattiq-qattiq gapirib¸ “o‘lib qolsa¸ javob berasizlar”¸ deb ogohlantirdi. Baribir hech kim kelmadi. Shaxsan o‘zim ayolning yonida 1 soatu 10 minutcha turdim¸ yordam kelishini kutib. Bu orada ayol tildan qoldi¸ tanasining yarmi paralich bo‘ldi. Yuzi qizarib¸ shisha boshladi. Insultligi aniq edi. Yiqilganidan ikki soatcha o‘tib¸ Tez yordamga umid qolmadi. Bozordagi bir yigit o‘z mashinasida olib boradigan bo‘ldi¸ ayolning yoniga uni taniydigan qo‘shnisini chiqarib yubordik¸ deydi 13 iyun kuni Ozodlik suhbatlashgan Mehrigul Manamova.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Тез ëрдамдан умидини узган гувоҳлар тилдан қолган аëлни ўз машинасида касалхонага олиб кетди
Voqeaning o‘zi guvoh bo‘lgan qismini videoga olgan Mehrigul Manamovaga ko‘ra¸ Tatyana Fyodorovnani kasalxonaga olib ketishganidan keyin¸ o‘ziga "Tez yordam"dan telefon qilib¸ “mashinani qaerga yuborishni so‘rashgan”.
Bu orada¸ guvoh ayol ta’kidicha¸ yordam so‘rab qilingan birinchi qo‘ng‘iroqdan qariyb ikki soat vaqt o‘tgan edi.
Farhod bozorida bir vaqtning o‘zida ikkita ayol behush yiqildimi?
Mehrigul Manamova¸ Toshkent shahar "Tez tibbiy yordam" markazi bo‘lim mudiri Davron Qayumovning voqea yuzasidan “Sevimli” telekanaliga bergan izohi o‘zi uchun “o‘lganning ustiga tepgan” bo‘lganini aytadi.
- Televizorda mening Facebook sahifamda qo‘ygan xabarimni ko‘rsatib gapirishdi. Tez yordam mudiri yolg‘on gapirdi. Shunga Ozodlikka chiqishga qaror qildim. Bular javobgarlikdan qutulish uchun¸ go‘yo o‘sha kuni bir paytning o‘zida Farhod bozorida ikkita ayol behush bo‘lgan¸ degan gapni o‘ylab topishipti. Ikkalasiga ham zudlik bilan -10-15 minut ichida brigada yubordik¸ deydi. Men o‘zim u ayolning tepasida 1 soatu 10 minut turdim kamida¸ hech kim kelmadiku! Zudlik bilan yordam shumi? Bular javobgarlarni aniqlab¸ jazolash o‘rniga¸ uni bosti-bosti qilish payida¸ deydi Ozodlik bilan 13 iyun kungi suhbatda Mehrigul Manamova.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Беморга атрофдагилар билганича ëрдам кўрсатишга уринди
Manamova¸ Tez yordam mutasaddisidan bu bayonotini tasdiqlovchi isbot-dalillarni jamoatchilikka taqdim etishni so‘radi.
- Farhod bozorida behush yiqilib¸ 15 minut ichida Tez yordam yetib borgan bemorning kimligini ochiqlashsin¸ bozorga 10:40 larda yetib borgan Tez yordam mashinasining nomeri¸ kimning¸ qanday yordam ko‘rsatgani registratsiya qilinadi¸ shularni jamoatchilikka ko‘rsatsin. Yo‘qsa¸ men buni xalqni aldash va bizga nisbatan ochiq hurmatsizlik deb bilaman¸ deydi Manamova.
13 iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda ham Davron Qayumovning ayni izohi takrorlandi – 8 iyun kuni soat 10:24 va 10:34 oralig‘ida Farhod bozoridan ikkita alohida hodisa bo‘yicha chaqiriq bo‘lgani va ikkala bemorga ham “zudlik bilan” "Tez yordam" brigadasi jo‘natilgani aytildi.
Toshkent shahar "Tez tibbiy yordam" markazi izohi
Ozodlik voqea yuzasidan izoh olish maqsadida Toshkent shahar "Tez tibbiy yordam" xizmati bosh vrachi Davron Sultonov bilan bog‘landi.
Sultonov¸ voqea yuzasidan Soqliqni saqlash vazirligi¸ o‘z markazi mutasaddilari xizmat tekshiruvi olib borayotganini ma’lum qildi:
- Haqiqatni bekitish¸ kimnidir javobgarlikdan olib qolish niyatimiz yo‘q. Aksincha¸ bu fojia turtkisida vaziyatni tahlil qilib¸ bu kabi voqealar takrorlanmasligi uchun undan saboq chiqaramiz. Guvohlar kelib¸ sizga aytganlarini bemalol maxsus komissiyaga aytsin¸ o‘rganamiz¸ tekshiramiz.
“Haqiqatda Tez yordam tez yordam ko‘rsatganida¸ ayol o‘lmagan bo‘lardi”
Tat’yana Fëyoorovnaning yaqinlari¸ qolaversa¸ uning o‘limiga sabab bo‘lgan voqea guvohi Mehrigul Manamova shunday fikrda.
- Bunaqa paytda¸ hamma narsa bemorga qanchalik tez tibbiy yordam ko‘rsatilishiga bog‘liq. Yarim soat ichida yordam berilganda¸ Tatyana o‘lmas edi. Men borganda u hali tildan qolmagan edi¸ o‘sha paytda to‘g‘ri yordam ko‘rsatish kerak edi. Atrofda yaxshi odamlar ko‘p edi¸ aptekadagilar ham yordam berishga harakat qilishdi. Bozorchilar yerga latta tashlab yotqizishdi¸ boshiga dokani ho‘llab qo‘yishdi¸ sumkasidan dorisini topib berishdi¸ lekin tomog‘idan suv o‘tmay qoldi. Insult paytida noto‘g‘ri qimirlatish ham yomon bo‘ladi¸ shunga biz uni boshini ushlab¸ mashinaga yotqizdik¸ bilganimizcha yordam berdik. Lekin biz mutaxassis emasmiz¸ deydi Manamova.
O‘lgan ayolning uzoq qarindoshi ham ayni fikrda. Bu suhbatdosh Tatyananing voqea yuzasidan adolat qaror toptirish uchun eshikma-eshik yuguradigan hech kimi yo‘qligi uchun¸ bu voqeaning bosti-bosti bo‘lib ketishini taxmin qiladi.
- O‘g‘li bilan qizi onasini ko‘mib¸ yana Rossiyaga ketadi. Eri 78 yoshda¸ zo‘rg‘a yuradi. Biz unga uzoq qarindoshmiz¸ yugur-yugur qilmoqchi emasmiz. Hech kim da’vogar bo‘lmasa¸ bu ish yopti-yopti bo‘lib ketsa kerak¸ deydi shaxsi ochiqlanishini istamagan suhbatdosh.
Mehrigul Manamova o‘zi guvoh bo‘lgan bu voqeaning bosti-bosti bo‘lmasligi uchun harakat qilishini aytarkan, dedi:
- O‘ylab ko‘ring¸ bu ayol o‘rnida men¸ siz ¸ onamiz yoki otamiz bo‘lishi mumkin. Kuppa-kunduz kuni bozorda yiqilib qolsak¸ shunday o‘lib ketaveramizmi? Men tomoshabin bo‘lib o‘tirolmayman¸ mendan so‘rashsa¸ albatta¸ gapiraman. Haqiqat yuzaga chiqishi kerakku!?
Bozordagi o‘lim o‘zgarishlarga turtki bo‘lishi mumkinmi?
Ozodlik bilan suhbatda Toshkent shahar "Tez tibbiy yordam" xizmati bosh vrachi Davron Sultonov shunga umid qilishini aytdi:
- O‘zbekistonda chilla issig‘i endi boshlanadi. Yuragi zaif odamlar uchun o‘ta xavfli mavsum bu. Bozorlar¸ stadionlar kabi odamlar ko‘p yig‘iladigan joylarda medpunkt bo‘lishi kerak. Bunaqa vaziyatda odamlar qaerga borishi kerakligi hamma joyda aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Lekin afsuski¸ bu narsa amalda yo‘q. Bir gal Paxtakor stadionida o‘yin ketayotgan paytda¸ Tez yordam chaqirib qolishgan. Shovqin-suron¸ tumonat odam. Zudlik bilan tibbiy yordamga muhtoj odamning qaerdaligini topish¸ uni olib chiqish uchun qancha vaqt ketishini bir tasavvur qilib ko‘ring. Shunaqa holatlarning o‘lim bilan tugamasligi uchun medpunktlar bo‘lishi kerak. Hozir bu taklif ustida ish borayapti¸ umid qilamiz¸ ijobiy hal bo‘ladi.
Toshkent "Tez yordam"i rahbari shuningdek¸ tizimda hal etilmay qolayotgan jiddiy muammolar ko‘pligini aytdi.
Chaqiriqlarni avtomatik tarzda yozib olish¸ "Tez yordam" yetib borguncha telefon orqali bemor yoki uning yonidagilarga tibbiy maslahat berishi uchun qonuniy asos yaratish va jamoat tartibini saqlovchi ichki ishlar xodimlarining bunday vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatishga o‘rgatish¸ rasmiy ta’kidicha¸ yaqin kelajakda yechimini topishi muhim muammolar sirasidandir.