4 iyun kuni Toshkentdagi O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zbekistonda mehnat sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar va natijalar” mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Qudbiev ishtirok etib, mamlakat mehnat bozoridagi bugungi ahvol to‘g‘risida bir qator ma’lumotlar berdi.
O‘zA axborot agentligining vazirning aytganlariga tayanib xabar qilishicha, shu kunda O‘zbekistonda 16 ming nafar kishi ishsizlik nafaqasini olmoqda. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 2,5 ming kishini tashkil etgan.
"Sherzod Kudbievning ma’lum qilishicha, vazirlik shu vaqtgacha ishsizlik nafaqasini to‘lashni tamomila unutgan edi. Mamlakat bandlik tizimida o‘tgan yillardan bugungi kunga katta muammolar meros bo‘lib qolgan", deb xabar qildi O‘zA.
Shu kunda 2,5 million o‘zbekistonlik xorijda ishlashi,. mamlakatning 19 million aholisi ishga yaroqli hisoblanadi.
"13 million 400 ming kishi rasmiy va norasmiy ravishda ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, mamlakatimizda ayni paytda 1 million 391 ming nafar ishsiz mavjud", deb xabar qildi O‘zA.
Ayni paytda kun.uz O‘zA keltirgan ma’lumotlarni ham berar ekan, bunday yozdi:
"Sherzod Qudbievning aytishicha, O‘zbekistonda bandlikning tarkibiy holati yaxshi emas. 13,5 mln mehnat qilayotgan fuqarodan atigi 40 foizi rasman ishlaydi, qolganlar esa norasmiy shaklda o‘z faoliyatini yuritadi" - (ta’kid Ozodlikniki).
Sayt Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Qudbievning mana bu gaplarini bergan:
“Bu mehnat qonunchiligidagi haq-huquqlaridan foydalanish imkoni bermayapti. Bizga, qanchalik achchiq bo‘lmasin, shunday meros qoldi. 25 yilda shunday ahvolga tushib qoldikki, hatto zamonaviy kombayn yoki traktorlarni boshqara oladiganlarni topish qiyin bo‘lyapti.
Yana bir narsa, o‘tgan yillarda ishsizlarga ishsizlik nafaqasi qonunda belgilanganiga qaramay berilmagan. Bugungi kunda ishsizlik nafaqasini 16 ming odam olyapti. Ishsizlik nafaqasi oluvchilar o‘tgan yilga nisbatan 7 foizga ko‘paydi”.
O‘zAning yana xabar qilishicha, matbuot anjumani davomida Sherzod Qudbiev mana bu ma’lumotni ham ochiqlagan:
“Ayni damda mamlakatimizda veterinar, tikuvchi, traktorchi ya’ni mexanizatorchilar yetishmaydi. Hozirda O‘zbekistonda 1 million 391 ming nafar ishsiz mavjud. Biroq, 150 mingta bo‘sh ish o‘rini uchun malakali va shu bilan birga oddiy ishchilar yetishmayapti”.